Navbahor tumanida xalq deputatlari Navbahor tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 25 avgust kuni Navoiy viloyatining Navbahor tumanida xalq deputatlari Navbahor tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada deputatlar tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan deputatlar tuman hokimi A.O‘roqovning axborotini eshitdilar.
Ta’qidlanganidek, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash, ijtimoiy muammolarni adolatli hal etishdir. So‘nggi yetti yilda Prezidentimiz rahbarligida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, daromadlarini izchil oshirib borish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Bu borada Navbahor tumanida ham manzilli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik subyektlari sonini ko‘paytirish maqsadida ularga ko‘plab yengilliklar va imtiyozlar berilmoqda. Natijada yangi tadbirkorlik subyektlari paydo bo‘lib, ko‘plab ish o‘rinlari yaratilyapti, ishsiz yoshlar bandligi ta’minlanyapti.
Jumladan, tumanda 2023 yilda 35072 nafar fuqarolarni doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishlarda bandligini ta’minlash reja dasturi belgilangan bo‘lib, o‘tgan 7 oyda 28719 nafar aholining bandligini ta’minlashga erishildi. "Ayollar daftari”ga kiritilgan 970 nafar xotin-qizdan shu vaqt ichida 751 nafarining bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, tumanda mavjud 41 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining har birining o‘ziga hos xususiyatidan kelib chiqib, o‘sish nuqtasilari aniqlandi. Tuman bo‘yicha yil davomida 950 nafar ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish rejalashtirilgan bo‘lib, Aholi bandligiga ko‘maklashishi markazi tomonidan 1 avgustga qadar 384 nafar ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar kasb-hunarga o‘qitildi.
Shu bilan birga, har bir mahallada xatlov o‘tkazilib, 2950 nafar ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash bo‘yicha hokim yordamchilari tomonidan reja ishlab chiqildi. Bugungi kunda aniqlangan ishsizlarning 2198 nafarini bandligi ta’minlangan. Joriy yilning 7 oyida hokim yordamchilari tomonidan 39 ta loyihalar ishga tushirilib, 114 ta ish o‘rinlari yaratildi.
Sessiya yig‘ilishida kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan Navbahor tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i U.Shukurovning axboroti tinglandi.
Ta’kidlandiki, Navbahor tumanida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida borasida tizimli ish olib borilmoqda. Tumanda sodir etilayotgan har bir jinoyat mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida mahallalarda keng muhokama qilinib, ularni oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida jinoyatchilik ko‘paygan 8 ta mahalla "qizil” va 13 ta mahalla "sariq” toifaga kiritildi. Ushbu toifaga kiritilgan mahalla fuqarolar yig‘inlariga tuman hokimligi, prokuratura, IIB, MG va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari biriktirilib, jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha profilaktik ishlar kuchaytirilgan tartibda olib borilishi tashkil qilindi.
Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, tumanda 2023 yilning 7 oyi davomida jinoyat sodir etganlar 170 tani tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 45 taga ko‘pdir. Deputatlar yuzaga kelgan salbiy holatlarni chuqur tahlil qilib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish bo‘yicha takliflarni ilgari surdilar.
Sessiya yig‘ilishida Oliy Majlis Qonuchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov ishtirok etdi hamda mamlakatimizda bu yil amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, uning mohiyati va ahamiyati, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining o‘rni va mas’uliyati, shuningdek, Prezidentimizning yaqinda Farg‘ona, Toshkent hamda Buxoro viloyatlarida o‘tkazilgan yig‘ilishlardagi ma’ruzalari va ularda belgilab berilgan ustuvor vazifalarga alohida to‘xtaldi.
Sessiyada muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
F.Rahimova, Xalq deputatlari Navbahor tuman Kengashi deputati:
— Bugungi sessiya yig‘ilishimizda muhim masalalar muhokama qilindi. Deputatlar tuman hokimi hamda mutasaddi idoralar rahbarlarining yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida qanday ishlar olib borilayotgani haqida kengroq ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘tgan davrda tumanda voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilishi oshgani har birimizni o‘ylantiradi. Demak, bu borada tegishli tartibda targ‘ibot ishlari IIB, Xalq ta’limi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida olib borilmagan. Natijada shu yilning 6 oy davomida tungi vaqtlarda ichki ishlar bo‘limi xodimlar tomonidan qarovsiz va nazoratsiz yurganlar aniqlanib viloyat IIBning ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga 25 ta voyaga yetmaganlar joylashtirilgan.
Kelgusida voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyatlar sodir etilishini oldini olish maqsadida tumandagi bozor va boshqa ko‘ngilochar maskanlarda ularni qarovsiz, bemaqsad yurishlarini oldini olish uchun "Tun”, "O‘quvchi” va "O‘smir” tadbirlari doimiy ravishda samarali o‘tkazish, tumandagi oshxona va dam olish maskanlari, ko‘chalar, bozorlar, kompyuter klublarida nazorat tadbirlarini o‘tkazib borish lozim.
Eng muhimi, Prezidentimizning shu yil 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti hamda Farg‘ona, Toshkent va Buxoro viloyatiga tashriflari chog‘ida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, bu boradagi ishlar ustidan muntazam ravishda deputatlik nazoratini o‘rnatib borishimiz zarur. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokidagi yig‘ilish esa ish faoliyatimizni yangicha tashkil etishda juda samarali bo‘ldi, desak ayni haqiqat.
D.Ochilov, Xalq deputatlari Navbahor tuman kengashi deputati:
— Bugungi sessiya yig‘ilishida huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish masalasi ham qizg‘in muhokama qilindi. Ushbu sohada ichki ishlar idoralarining olib borayotgan ishi yuzasidan fikr va mulohazalarimizni bildirdik. Tan olish kerak, o‘tgan davrda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Lekin, shunga qaramay, ayrim kamchiliklar ham uchrab turibdi.
Jumladan, tumandagi ba’zi mahallalarda tuman miqyosida sodir etilgan jinoyatlarni mahallalardagi har 1000 nafar aholi soniga nisbatan 8 ta mahallada o‘tgan yilga nisbatan jinoyatlar sodir etilishi oshgan.
Mening fikrimcha, ayni damda sodir etilayotgan jinoyat uchun javobgarni topib jazolashga asosiy urg‘uni bermasdan, balki mahalladagi beshlik bilan hamkorlikni yanada kuchaytirgan holda sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni oldini olishga asosiy e’tiborni qaratsak yaxshi bo‘lardi. Kelgusida ushbu mahallarni sariq toifaga o‘tkazish bo‘yicha tegishli profilaktik tadbirlarni mahalla beshligi tomonidan har bir xonadonlarga kirib chiqish, ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy jixatdan aholiga ko‘maklashish, jinoyatga va huquqbuzarlikka moyil bo‘lgan shaxslar o‘rganib chiqish lozim.
Shu bois, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquq tartibot organlarining emas, balki keng jamoatchilikning ham vazifasi bo‘lmog‘i kerak. Bu jarayonda huquqbuzarlikni oldini olishda mahallalar kesimida ish olib borilib, Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarda tashkil etilgan "beshlik” faoliyatidan unumli foydalanishimiz lozim.
Agar mahallalarda jinoyatchilikka qarshi murosasiz muhitni yaratish, eng avvalo, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini barvaqt bartaraf etishga astoydil harakat qilsak, o‘ylaymanki kutilgan natijaga erishish mumkin.

 
 

Агарда Сиз мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда хато матнни белгилаб, CTRL + ENTER тугмасини босинг ва сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.