21.01.2025
Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi bilan tanishish maqsadida Navoiy viloyatiga tashrif buyurgan Qishloq xoʼjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Navbahor tumanida joylashgan "Yashil orol" baliqchilik xo'jaligida bo'ldi.
Navbahor tumanida faoliyat olib boruvchi “Yashil orol” baliqchilik xo‘jaligi 2022 yilda tashkil etilgan. Mazkur xo‘jalikda yil davomida 2 marotaba hosil olish imkonini beruvchi super intensiv usulda sazan va oq do‘ngpeshona baliqlari yetishtiriladi. Xo‘jalikda 8 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, 10 gektar maydonda 6 ta baliq ko‘li tashkil etilgan. Ushbu baliqchilik xo‘jaligida quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, tashqaridan olib kelinuvchi elektr energiyasiga ehtiyoj yo‘q. O‘tgan 2023 yilda 400 tonna baliq yetishtirilgan.
Shundan soʻng Navbahor tumanida "BRAIN" savdo belgisi ostida "Biotech Research and Innovation" MCHJ ilmiy-ishlab chiqarish kompleksida bo'ldi. Majmua ilon va chayonsimonlar oilasiga mansub jonivorlarni yetishtirish, ularning yashash tarzi ustida tadqiqot va o‘rganish ishlarini olib borish, ulardan olinadigan mahsulotlar asosida turli xil farmatsevtik va kosmetologik vositalar tayyorlash, ularning zahri asosidagi preparatlarni sertifikatlash, mahsulot sifati xalqaro standartini yaratish va hokazo ilmiy va ishlab chiqarish faoliyatini olib boradi.
"BRAIN" kompaniyasi Markaziy Osiyoda yashovchi Qizil kitobga kiritilgan hayvon turlarini ko‘paytirish va o‘rganish maqsadida tashkil etilgan. Uning asosiy yo‘nalishi — hayvonlardan olingan zardoblar va biologik faol moddalarni ishlab chiqarish bo‘lib, bu ilm-fan va tibbiyotga muhim hissa qo‘shadi.
Keyingi manzil Navbahor tumanidagi Paxtakor mahallasining vakili Aziz To‘raqulov xonadoni bo'ldi. Ushbu xonadon egalari bedana va kurka yetishtirish bilan shug‘ullanadi. l Ushbu loyihani yo‘lga qo‘yish maqsadida 33 mln. so‘m imtiyozli kredit olingan bo‘lib, bugungi kunda 4 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan.
So'ngi manzil tuman obodonlashtirish boshqarmasi bo'ldi. Jarayonda obodonlashtirish boshqarmasida tashkil etilgan ko'chatchilik jumladan atirgul ko'chatlari, mevali, manzarali daraxt zaxirasi, gul urug'lari zaxirasini ko'zdan kechirdi.
Vazir ushbu yo'nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni jadallashtirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.