09.01.2025
Navbahor tumani hokimligi binosida Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi raisi B.Djumayev hamda fuqarolik ishlari boʻyicha Navbahor tumanlararo sudi raisi A.Xamrayev boshchiligida “Sudlarda yerga oid nizolarni koʻrishdagi mavjud muammolar” mavzusida seminar oʻtkazildi.
Mazkur seminarda turli soha vakillari, xususan, tuman hokimliklari, Kadastr agentligi, Davlat kadastrlar palatasi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, prokuratura, adliya, soliq idoralari mas’ul xodimlari va huquqshunoslari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 68-moddasiga ko‘ra yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.
Yer kodeksining 31-moddasiga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olingandan keyin vujudga keladi.
Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudiga 2024-yil davomida yerga oid 18 ta iqtisodiy ish ko‘rilgan bo‘lib, mazkur ishlarning 2 tasi rad etilgan, 1 tasi qaytarilgan, 4 tasi boshqa sudlarga yuborilgan, 11 tasi qanoatlantirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil
20-noyabrdagi “Sudlarda yerga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 28-sonli Plenum Qarorining 8-bandida yerga oid huquqiy munosabatlardan kelib chikadigan quyidagi nizolar taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari buyicha sudlar yoki iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘riladi:
yer uchastkasini jamoat extiyojlari uchun olib qo‘yish va qayta sotib olish bilan bog‘lik nizolar buyicha kompensatsiya undirish;
servitutni belgilash yoki bekor qilish, servitut yuzasidan haq undirish;
bir nechta shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan, birgalikda egalik qilinadigan yoki foydalaniladigan yer uchastkasidan foydalanish tartibini belgilash, uni bo‘lish;
yer uchastkasiga egalik qilish va foydalanish huquqi bilan bog‘liq bo‘lmagan huquq buzilishlarni bartaraf etish;
yer uchastkasini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish, yer uchastkasidan majburiy tartibda chiqarish;
o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini qaytarish va foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish, shu jumladan undagi imoratlarni buzish;
Yer kodeksining 36-moddasida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tugatish;
Yer kodeksining 86, 87-moddalarida nazarda tutilgan hollarda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zararni undirish;
yer uchastkalarining ijara shartnomasi bilan bog‘liq nizolar va boshqalar.
Plenum Qarorining 24-bandiga ko‘ra, sudlar Yer kodeksi 36-moddasining
6-11-bandlarida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning bekor qilish masalasi Yer kodeksining 38-moddasiga muvofiq, yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organning yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan ogohantirganidan keyin tuman (shahar) hokimiga yer uchastkasini olib qo‘yish haqida kiritilgan taqdimnomasi asosida tuman (shahar) hokimining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni bekor qilish va yer maydonini olib qo‘yish haqidagi da’vo arizasiga binoan sud tartibida hal etilishini inobatga olishlari lozim. Agar da’vo arizasida yer uchastkasini olib qo‘yish (yer ijara shartnomasini bekor qilish) talabi bilan birga ushbu yer uchastkasini zaxiraga olish (zaxiraga qaytarish) talabi ham qo‘yilgan bo‘lsa yoki alohida talab sifatida yer uchastkasini zaxiraga olish (zaxiraga qaytarish) talabi berilgan bo‘lsa, qonunchilikka ko‘ra yer uchastkalarini zaxiraga olish (zaxiraga qaytarish) sudlarning vakolatiga kirmasligi sababli ushbu talab bo‘yicha ish yuritish tugatilishi lozim.
Plenum Qarorining 28-bandiga ko‘ra, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi dastlabki hujjat bekor qilingan yoki sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan bo‘lib, biroq, nizoli yer uchastkasi amaldagi egasi (foydalanuvchisi)ning huquqini tasdiqlovchi hujjati o‘z kuchida bo‘lsa, uni ushbu yer maydonidan majburiy tartibda chiqarish uchun asos bo‘lmaydi. Bunday holatda sudlar da’vogarga amaldagi egasi (foydalanuvchisi)ning ushbu yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatini nizolashish huquqini tushuntirishlari lozim.
Plenum Qarorining 33-bandiga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab turgan yer uchastkalarini qaytarish va undagi qurilmani buzdirish to‘g‘risidagi ishlarda kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, sudlar bu toifadagi ishlarni ko‘rishda davlat hokimiyati organining da’vodan voz kechishi qonunchilik hujjatlariga zid kelmasligini aniqlashlari lozimligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining “Qishloq xo‘jaligida qonuniylikni ta’minlash va yerdan foydalanishdagi suiiste’molchiliklarning oldini olishda iqtisodiy sudlarning rolini oshirish to‘g‘risida” 2004-yil 12-martdagi 115-sonli qarorining 5-bandiga ko‘ra, hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil
20-noyabrdagi “Sudlarda yerga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 28-sonli Plenum Qarorining 26-bandida sudlarning e’tibori hokimlikning fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijarasi shartnomasini bekor qilish bo‘yicha ariza berishdan oldin da’vogar sudgacha nizoni hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fermer xo‘jaligining yer maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablarini bajarish kerakligiga qaratishlari lozim.
Bunda tuman (shahar) hokimi xalq deputatlari tuman Kengashining yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini bekor qilish yoxud yer maydonini maqbullashtirish to‘g‘risidagi qarori asosida, qonunchilikda belgilangan tartibda, xalq deputatlari tuman Kengashining qarorini, Komissiyaning xulosasini, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining xulosasini, dalolatnomani va boshqa zarur hujjatlar hamda materiallarni ilova qilgan holda fermer xo‘jaligi rahbari bilan yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini bekor qilish yoxud uning yer uchastkasi maydonini maqbullashtirish to‘g‘risida fermer xo‘jaligi rahbariga taklif kiritganligiga e’tiborlarini qaratish lozim.
Ushbu talab nizoni sudgacha hal etish talabi hisoblanadi, bularga rioya etilmasligi da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirishga olib keladi hamda da’vogardan davlat boji undiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil
20-noyabrdagi “Sudlarda yerga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 28-sonli Plenum Qarorining 24-bandiga ko‘ra, agar sudga yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni bekor qilish (yer ijara shartnomasini bekor qilish) talabi bilan birga yer uchastkasini olib qo‘yish talabi qo‘yilgan bo‘lsa, har ikki talab alohida nomulkiy talab hisoblanishi lozim. Bu toifadagi ishlarni ko‘rishda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni vujudga keltiruvchi hujjat (hokim qarori, savdo bayonnomasi, shartnomasi va boshqalar) tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq yuzaga kelganligini tekshirishlari lozim. Agar yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni vujudga keltiruvchi hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bo‘lsa, sudlar huquq yuzaga kelmaganligi asosi bilan huquqni bekor qilish talabini rad etib, yer uchastkasini olib qo‘yish talabini qanoatlantirishi lozim.
Shuningdek, seminar davomida qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlar, jumladan, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining
9-moddasi birinchi qismi 221-bandiga ko‘ra, mahalliy ijro hokimiyati organlari yer to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi bilan bog‘liq da’volar bo‘yicha davlat bojidan ozod etilgan. Shuningdek, ushbu moddaga ko‘ra, da’vo talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undirilishi belgilanganligi toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi.
Mazkur seminar hokimlik, korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan yerga oid nizolar bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilishida, talablarni to‘g‘ri qo‘yish, sudgacha tartibga rioya etish, da’vo arizalariga tegishli hujjatlarni ilova etish hamda da’vo arizasi bo‘yicha sud harajatlari to‘g‘risida amaldagi qonun normalari va tartiblariga rioya etib, da’vo arizalarining qonuniy kiritilishiga xizmat qiladi.
Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Djumayev Bekzod Abduvoxidovich