19.12.2024
“SUD VA YOSHLAR” UCHRASHUVI
Joriy yilning 17-dekabr kuni Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Bekzod Djumayev, fuqarolik ishlari boʻyicha Navbahor tumanlararo sudi raisi A.Xamrayev ishtirokida “Sud va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Ushbu uchrashuvda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy hamda
sud-huquq islohotlari haqida so‘z yuritilib, mazkur jarayonlarda sud organlari xodimlari uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar, ijtimoiy kafolatlar yaratilgani ta’kidlandi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4818-sonli qaroriga asosan, sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini Internet tarmog‘ida e’lon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari joriy etilganligi, sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish, muayyan ishni ko‘rish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlarni fuqarolarni ovora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish, sudlar tomonidan jarimalarni kamaytirish yoki ularni qo‘llamaslik masalalarini ko‘rib chiqishda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va boshqa axborot tizimlarining integratsiyasi orqali fuqaroning mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqidagi ishonchli ma’lumotlar bilan tanishish, sudlar tomonidan aliment miqdorini belgilashda tumanlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqlari to‘g‘risida ma’lumotlarni axborot tizimi orqali elektron shaklda olish kabi imkoniyatlar yaratilganligi toʻgʻrisida yoshlarga ma’lumot berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 137-moddasi hamda
Iqtisodiy-protsessual kodeksi 11-moddasiga muvofiq, hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
Uchrashuv davomida talaba-yoshlar ochiq sud majlisida erkin tinglovchi sifatida ishtirok etib, sud majlisini olib borish tartibi bilan ham yaqindan tanishdilar. Xususan, sudyalar majlis zaliga kirib kelganida va undan chiqib ketayotganida zalda hozir bo‘lganlarning barchasi o‘rinlaridan turishi lozimligi, sud jarayoni ishtirokchilari sudga “Hurmatli sud!” degan so‘zlar bilan murojaat qilishlari, ular sudga o‘z tushuntirishlari va ko‘rsatuvlarini, savollarga javoblarini tik turib berishlari, bu qoidadan chetga chiqishga faqat raislik qiluvchining ruxsati bilan yo‘l qo‘yilishi mumkinligi haqida tushuntirish berib oʻtildi.
Tumanlararo sud raislari tomonidan yoshlarga ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish materiallari bilan tanishish, ulardan ko‘chirmalar olish, ko‘chirma nusxa olish, rad qilish to‘g‘risida ariza berish, dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, savollar berish, iltimosnomalar kiritish, arz qilish, sudga og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish, ishni ko‘rish davomida yuzaga keladigan barcha masalalar bo‘yicha o‘z vajlarini, xulosalarini taqdim qilish, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalari, vajlariga e’tiroz bildirish, sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) hamda boshqa protsessual huquqlardan foydalanish huquqiga ega ekanligi haqida huquqiy tushuntirish berildi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu Kodeksda nazarda tutilgan protsessual majburiyatlarga ega va ular o‘zlariga tegishli barcha protsessual huquqlardan insofli ravishda foydalanishi kerak.
Ayni jihatdan, yuzma-yuz muloqotda talaba-yoshlar qonunchilik islohotlari, sud tizimidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Yigit-qizlarning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-xodisalar bilan javob qaytarilgani yoshlarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Yoshlar – ertangi kunimizning, Yangi O‘zbekistonning egalaridir. Shu jihatdan, ularni bugungi islohotlarga, yurt kelajagiga daxldor etib tarbiyalash, yuksak marralar sari ruhlantirish – Vatan taraqqiyotiga xizmat qiladi. “Sudya va yoshlar” uchrashuvi ham ayni jihatdan muhim ahamiyat kasb etdi.
Djumayev Bekzod Abduvoxidovich Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi raisi