06.11.2023
Navbahor tumani tarixi
Qadimda odamlar Qoratogʻning sersuv soylari, buloqlari, chashmalari boʻylarida yashashgan. Tarixiy manbalarning xabar berishicha, ular ovchilik va terib yeyuvchilik bilan kun koʻrishgan. Ularning asosiy quroli sodda va murakkab yoy hamda tosh qurollar boʻlgan. Ajdodlarimiz yashash davomida oʻzlaridan noyob va nodir yodgorliklar qoldirib ketishgan. Uchtut chaqmoqtosh konlari, Ijanddagi chaqmoqtoshlarga ishlov beradigan ustaxonalar, Sarmishsoy, Bironsoy, Qoraungursoydagi qoyatoshlarga oʻyib chizilgan surʼatlar shu yodgorliklar sirasiga kiradi. Uchtut, Vovush, Ijant oʻgiti poleolit davri makonlaridir. Miloddan avvalgi 1 ming yillik boshlarida Zarafshon vodiysida So‘gʻd qabilalari istiqomat qilishgan. Ular zardushtiylik diniga sigʻinishgan. Shu davrning VIII asrda vodiyda So‘gʻdiyona davlatiga asos solindi. Qadimgi olimlar Buxoro vohasiga Gʻarbiy So‘gʻd deb taʼrif berishgan. Karmana va Konimex tumanlari ana shu Gʻarbiy So‘gʻdga qaragan. Qoratogʻ etagidan sharqdan gʻarbga qarab Buyuk Ipak yoʻlining tarmogʻi oʻtgan. V-VI asrlarda koʻchmanchi jangovor qabilalarga qarshi Kampirak devori va qoʻriqchi qaʼlalar (hozirgi tepaliklar) tiklangan. Harqona (Qalqonota), Gʻardiyon (Mavlontepa), Farzikent (Beshrabot), Qorajon, Suparkentlar eramizdan avvalgi IV-VI aslarga mansub qishloqlardir. VI, VIII, XIII, XV, XVI, XVII asrlarda tuman hududiga koʻplab qavmlar koʻchib kelganlar. Ular Zarafshon daryosining qadimgi oʻzanidagi botqoqlik, chakalakzorlarni tozalab yer ochganlar, dehqonchilikni rivojlantirishgan. Ekinlar Chovli, Harqanot, Ulviyo (Yuqori Harqon), Konimimigʻ (Konimex), Beshrabot, Novkar, Arab ariqlari orqali suv bilan taʼminlangan. Tumanda buyuk oriflar Abul Hasan Xaraqoniy (Qalqonota), Ahmad Yassaviy (Erjant), Ahtam Sahoba (Yangiqoʻrgʻon) larning qadamjolari mavjud. Shuningdek koʻpgina oʻrganilmagan avliyo-valiylarning qabrlari mavjud. 1980-yilda Qadimgi Karmana va Konimex tumanlari hududida Navbahor tumani tashkil etildi. Tuman Nurota, Xatirchi, Karmana, Qiziltepa, Konimex tumanlari bilan chegaradosh boʻldi. Tumanning umumiy yer maydoni 1,57 ming km.kv. Aholisi 108,6 nafar kishidan iborat. Istiqlol sharofati tufayli yangilikka intilish kuchaydi. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Hozir kunda 41 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari faol ish olib bormoqda. Bugungi kunda tuman markazi Beshrabot kun sayin kengayib, zamonaviy binolar va savdo markazlari qad koʻtarmoqda. Navbahor tumanida bugungi kunda Oʻroqov Azamat Shodiyevich tuman hokimi boʻlib ishlab kelmoqda.