04.12.2024
Aholini roʻyxatga olish natijalarini tahlil qilish va ularga ishlov berishda eng yangi texnologik yechimlar bazasida kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratiladi.
Avtomatlashtirilgan axborot tizimi:
roʻyxatga olish varaqalaridagi maʼlumotlarni kiritish, toʻplash va saqlashni;
maʼlumotlarni qayta ishlash, almashish jarayonlarini va ushbu jarayonni uslubiy qoʻllab-quvvatlashni monitoring qilishni;
manzillar, maʼlumotnomalar va tasniflagichlar reestrida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni aktual holatda saqlashni;
registratorlar uchun kartografik materiallarni shakllantirishni;
aholini roʻyxatga olish boʻyicha tashkiliy reja tuzishni avtomatlashtirishni;
aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishning shaxsiy maʼlumotlarini avtomatik qayta ishlashni;
shaxsiy maʼlumotlarni ruxsatsiz kirish, oʻgʻirlash, buzish yoki yoʻqotishlardan himoya qilishni;
maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash sharti bilan qoʻshimcha soʻrovlarni shakllantirish uchun shaxsiy boʻlmagan maʼlumotlar bazasiga ayrim tadqiqotchilarning belgilangan tartibda kirishini;
aholini roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlaridan foydalanishni boshqarishni taʼminlaydi.
Roʻyxatga olish varaqalaridagi aholi toʻgʻrisidagi shaxsiy maʼlumotlar foydalanilishi cheklangan maxfiy axborot hisoblanadi, tarqatishga yoʻl qoʻyilmaydi va faqat statistik maqsadlarda qayta ishlanadi.
Aholini roʻyxatga olish yakunlari bosqichma-bosqich shakllantiriladi:
Aholini roʻyxatga olishning dastlabki natijalari shahar va qishloqda roʻyxatga olingan aholi (shu jumladan erkaklar va ayollar) soni boʻyicha roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan tayyorlangan yigʻma roʻyxatlar natijalari asosida shahar va qishloq aholisiga ajratilgan holda shakllantiriladi.
Aholini roʻyxatga olishning dastlabki maʼlumotlari Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar kesimida tayyorlanadi.
Aholini roʻyxatga olish natijalarini eʼlon qilish dasturiga asosan yakuniy natijalar mavzuli navbat boʻyicha birlamchi maʼlumotlar bazasidan maxsus grafik boʻyicha shakllantiriladi.
Qoʻshimcha natijalar eʼlon qilingan maʼlumotlar miqdoridan ortiq hajmdagi foydalanuvchilarning soʻrovlari boʻyicha (soʻrovlar kelib tushishiga koʻra) maʼlumotlar bazasi asosida shakllantiriladi.
Aholini roʻyxatga olishning birlamchi maʼlumotlarini qayta ishlash va tahlil qilish ishlari Agentlikda amalga oshiriladi. Zarur hollarda ushbu jarayonlarga hududiy statistika boshqarmalari mutaxassislari ham jalb etilishi mumkin.
Aholini roʻyxatga olishning birlamchi maʼlumotlarini qayta ishlash va tahlil qilish maxsus dasturiy taʼminot asosida amalga oshiriladi. Bunda, Internet tarmogʻi orqali roʻyxatdan oʻtgan respondentlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar va planshet qurilmalari yordamida yigʻilgan shaxsga doir maʼlumotlar umumlashtirilib, birinchi navbatda bir shaxsning ikki marta roʻyxatga olinmaganligi tekshirib chiqiladi.
Respublika darajasida yakuniy maʼlumotlarni jamlash va tahlil qilish maxsus kompyuter dasturi asosida amalga oshiriladi.
Shaxsga doir birlamchi maʼlumotlar qayta ishlash jarayonida maxfiylashtiriladi.
Aholini roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlari respublika va hududlar boʻyicha belgilangan jadvallar shaklida shakllantiriladi. Yakuniy natijalar birlamchi maʼlumotlar bazasidan shakllantiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonunining 25-moddasiga muvofiq aholini roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlari shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish va ularga ishlov berish natijasida shakllantirilgan yigʻma statistik axborotlardir.
Sodda qilib aytganda qayta ishlash jarayonida egasizlantirilgan jamlanma (respublika, viloyat, tuman, shahar va aholi punktlari boʻyicha jamlangan) statistik maʼlumotlar yakuniy maʼlumot hisoblanadi.
Aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatining asosiy koʻrsatkichlarini tavsiflovchi yakuniy maʼlumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiqdir hamda ular ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Aholini roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlaridan foydalanishda mulkiy va maʼnaviy zarar yetkazishga, fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklari amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Aholini roʻyxatga olishning shaxsga doir maʼlumotlari “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq maxfiy boʻlib, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi.
Aholini roʻyxatga olishning natijalarini tahlil qilish maxsus axborot tizimidan foydalangan holda Agentlik va hududiy statistika boshqarmalari mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
Zarur hollarda aholini roʻyxatga olishning natijalarini tahlil qilishda Personallashtirish markazi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Kadastr agentligi, Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralarda mavjud aholi bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlar bazalaridan foydalaniladi.
Navbahor tumani statistika boʻlimi