06.11.2023
SARMISHSOY PETROGLIFLARI
Bugungi kunda Oʻzbekistonning togʻlik va togʻoldi hududlaridan 100 dan ortiq qadimiy qoyatosh suratlari boʻlgan joylar mavjud. Shulardan biri – Sarmishsoy qoyatosh yodgorligining mazmuni, mavzusi, uslub xususiyatlari va tuzilishiga koʻra rang-barangligi dunyoda eʼtirof etilgan.
Yetti ming yillik tarixni oʻz bagʻrida asrab kelayotgan Sarmishsoyda taxminan oʻn mingdan ortiq noyob qoyatosh bitiklari bor. Tarixchi olimlar va arxeologlarning fikricha, qoyatosh suratlari qadimgi davrdagi insonlar hayotining bir qismini aks ettirgan. Suratlarda asosan “Hayvon uslub” deb atalmish skif-sak massagetlarining tasviriy sanʼatida ifodalangan qoplon, pantera, gepard, bezon, yoʻlbars kabi “kuch timsoli” hisoblangan hayvonlar tasvirlangan. Shuningdek, koʻproq daryo boʻyi va toʻqayzorlarda hayot kechiradigan “mushuksimonlar” oilasiga mansub, ibtidoiy ovchilar uchun qimmatli boʻlgan ov qilish jarayonlari hamda “oʻyinchilar” guruhiga oid turli uslubdagi bosh kiyimlar kiygan insonlar qiyofasi va turli xil marosimlar mohirona chizilgan. Bundan tashqari “osmoniy otlar” ifodalangan qoyatosh suratlari har qanday kishini oʻziga rom etmay qoʻymaydi. Bu suratlar qadimda bu yerlarda ot boqishning rivojlangan hududlardan biri deb ehtimol qilishga imkon beradi.
Neolit davrida Qizilqumda yashagan kaltaminor madaniyatiga taalluqli ovchi va baliqchi urugʻlarining baʼzi birlari Sarmishsoyga kelib joylashgan. Ular bu yerda ov qilish bilan bir qatorda asta-sekin chorvachilikka asos solishgan. Bu haqda bizga Sarmishsoydan topilgan 4000 dan ortiq boʻlgan insonlar rasmi — petrogliflar guvohlik beradi.