28.08.2024
Zarpechak, chirmovuq (Cuscuta L.) — chirmovdoshlar (Cuscutaceae) oilasiga mansub bir yillik o'simlik bo'lib, dunyo bo'yicha ularning 274 tadan ortiq turlari aniqlangan va undan 36 tasi MDH davlatlarida, 17 ta turi esa Respublikamizda ro'yxatga olingan. Respublikamizda uchraydigan ushbu zarpechak begona o’tidan 13 ta turi o’simliklarga eng ko'p zarar keltiradi. Zarpechaklarning parazit hayot kechirish tarzi ularning tuzilishida ko’pgina o’zgarishlarni sodir bo’lishiga olib kelgan. Zarpechaklar vegetatsiya davri, rivojlanishi va boshqa jihatlari bilan oddiy gulli o’simliklardan tubdan farq qiladi. Masalan, ularda barg bo’lmaydi, fotosintez jarayoni umuman kuzatilmaydi, ildiz sistemasi, ustitsalari yo’q, ildiz vazifasini esa o’simlik tanasiga yopishib oluvchi gaustoriyalar bajaradi . Zarpechaklar qishloq xo’jaligi ekinlariga juda katta zarar keltiradi. Ular barcha o’t o’simliklar, daraxtlar, butasimonlar, mevali va manzarali o’simliklarni zararlaydi. Zarpechak bilan zararlangan o’simliklar kasallik va zararkunandalarga chidamsiz bo’lib qoladi. Bundan tashqari ayrim zarpechak turlari o’simliklarning virusli kasalliklarini ham tarqatuvchi bo’ib hisoblanadi. Ya‘ni o’simlik shirasini gaustoriyalari bilan so’rib olishda virus ham o’tadi va ular boshqa o’simlikka yopishib olganda gaustoriya orqali virus ikkinchi o’simlikka o’tib oladi. Bularga qand lavlagi, pomidor, dukkakli ekinlar va grechixaning mozayka kasalliklari misol bo’ladi. Zarpechaklar zararlangan qishloq xo’jalik mahsulotlari orqali, zararlangan urug’ orqali, yaxshi chirimagan go’ng bilan, ekinlarni sug’orishda, transport vositalari, urug’ tozalash mashinalari, yaylovdagi parranda qushlar va hayvonlar orqali tarqaladi. Bundan tashqari shamol, zararlangan maydon, qishloq xo’jalik qurollari, temir yo’l vagonlari va taralari orqali ham tarqaladi. Tuproqqa tushgan zarpechak urug’ari bir necha yillargacha unuvchanligini saqlab qoladi.
Navoiy viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi Navbahor tumani bo’limi fitosanitar nazorati davlat inspektorlari X.To’raev, F.Ochilov, O‘.Hayitov