22.08.2024
Dehqon yerga qanchalik mehr bersa, undan oqilona foydalansa, yer ham unga kutilgan natijasini tortiq etadi. Bugun qishloq xo‘jaligida yerdan oqilona foydalanish, birinchi ekindan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin ekish orqali aholi daromadini oshirish, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarga yer ajratib, kambag‘allikni qisqartirish asosiy maqsadga aylangan.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha ertaki ekinlardan va g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish ishlari ketmoqda. Mamlakatimizda ushbu-chora tadbirlar asosan iyun-iyul oylarida olib boriladi. Takroriy ekinlarni ekishning afzalligi, mavjud yer resurslaridan samarali foydalanib, yil davomida xalqimiz dasturxoniga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berishdan iborat.
Hozirda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash dunyo mamlakatlari uchun eng dolzarb masalaga aylanmoqda. Hatto ayrim rivojlangan davlatlarda ham oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi kuzatilmoqda. Aholi sonining o‘sib borishi, qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan yer va suv resurslarining cheklanganligi, ayniqsa, koronavirus ofati vaziyatni yanada murakkablashtiryapti. Shu bois, yurtimizda imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va mahsulot eksportini rivojlantirish maqsadida g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin ekishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Chunki iqlim sharoitimiz bir yilda kamida ikki marta hosil olish imkonini beradi. Ya’ni, kuzgi g‘alla o‘rib olingandan keyin salqin kunlar boshlanguncha yana 3-4 oy davomida issiq harorat kuzatiladi. Bu esa sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari yetishtirish uchun ayni muddaodir. Oddiy qilib aytganda, shu qisqa vaqt ichida dehqon yo‘q joydan qo‘shimcha daromadga ega bo‘ladi.G‘alla o‘rimidan keyin yer maydonlariga takroriy ekin ekish tuproqdagi ozuqa moddalar miqdorining o‘simliklar tomonidan qaytarilishiga va uning unumdorligini saqlanishiga, ekilayotgan va undan keyin ekiladigan ekinlarning hosildorligini oshishiga zamin yaratadi.Xususan, Konimex tumanida ham mosh, guruch, beda, kungaboqar kabi takroriy ekinlar ekilmoqda.
Navoiy viloyati O’simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Konimex tumani fitosanitar nazorati davlat nazorati inspektorlari F.Umurova, D.Suyundikov