Oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilandi

18 yoshga to‘lmagan shaxslarni, yaqin qarindosh, sobiq xotin, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik uchun javobgarlik belgilandi. 
Mazkur jinoyat 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik kiritildi. Unga ko‘ra, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘orda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega shaxsga nisbatan:
mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish; 
mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish;
ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, mazkur harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Yuqoridagi shaxslarni do‘pposlash, tan jarohati yetkazish yetkazilgan jarohatdan kelib chiqqan holda og‘irlashtiruvchi holatlarni keltirib chiqarsa, xususan: 
sog‘liqning uzoq vaqt (kamida 21 kun, ammo 4 oydan ko‘p bo‘lmagan davrda) yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining 10 foizidan 33 foizigacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish sodir etilsa, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Jumladan:
16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun – 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; 
16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish – 2 yildan 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Shuningdek, shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilandi. 
Mazkur jinoyat og‘irlashtiruvchi holatlarda 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Navbahor tuman adliya bo‘limi boshlig‘i E.Fayzullayev

Агарда Сиз мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда хато матнни белгилаб, CTRL + ENTER тугмасини босинг ва сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.