QAROR VA IJRO

Mamlakat fuqarolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday maʼlumotlar maʼlum vaqt oraligʻida aholini roʻyxatga olish tadbirlari orqali toʻplanadi. Ular nafaqat respublika, balki Yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.
Shu bois, Respublikamizda mustaqillik yillarida aholini roʻyxatga olish tadbiri ilk bor oʻtkazilayotganligini inobatga olib, tadbirga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni sifatli oʻtkazish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi "Oʻzbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 710-son qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish 
2023-yil 1-25-noyabr kunlari amalga oshirilishi belgilandi.
Aholini roʻyxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos 
va sifatli oʻtkazish uchun kartografik materiallarning aniqligi 
muhim hisoblanadi. Shu maqsadda, Davlat kadastr palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda aholini roʻyxatga olish uchun zarur boʻlgan miqdorda shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari tayyorlandi.
Shuningdek, Davlat kadastr palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi va viloyat hokimliklari shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklariga kadastr 
va mahalla organlari bilan birgalikda aholi punktlari va koʻchalar nom belgilarini oʻrnatish, xonadon va uylarni raqamlash ishlari amalga oshirildi.
Aholini roʻyxatga olish  mamlakat hududida millati, elatidan qatʼiy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir boʻlib, uning oʻtkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qatʼiy nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining  soni, fuqaroligi, nikoh holati, taʼlim darajasi, yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni, uy xoʻjalinining yashash sharoitlari kabi bir qancha koʻrsatkichlar boʻyicha bugungi kunda yetarlicha mavjud boʻlmagan maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritiladi. 

Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat oʻzimiz, balki kelajak avlod uchun muhim maʼlumotlarni toʻplashga erishamiz. Aholini roʻyxatga olish natijalari mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini belgilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qoʻllaniladi. Keyingi oʻn yillikka moʻljallangan oilalarni qoʻllab-qoʻvvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bogʻchalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi. 
Bir soʻz bilan aytganda, aholi toʻgʻrisida toʻplanadigan maʼlumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi Oʻzbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil boʻlib xizmat qiladi.

Navbahor tuman statistika boʻlimi 
QAROR VA IJRO             

Агарда Сиз мақолада хатони учратган бўлсангиз, унда хато матнни белгилаб, CTRL + ENTER тугмасини босинг ва сайт маъмурига хабарнома жўнатинг.